Eng arzon palov Namanganda, eng qimmati esa poytaxtda – statistika

O‘zbekiston Statistika agentligi noyabr oyida umumiy ovqatlanish muassasalaridagi (Osh markazlarida) palov narxlariga oid kuzatuv natijalarini e’lon qildi.
Hisobotga ko‘ra, mamlakat bo‘ylab palovning bir porsiyasi va 1 kg miqdori uchun o‘rtacha narxlar hududlar kesimida farq qiladi.
Palov narxi eng arzon viloyat Namangan bo‘lib, viloyatda bir porsiya palov narxi 22 ming so‘mni, 1 kg esa 155 ming so‘mni tashkil etgan. Toshkent shahrida esa eng qimmat narx: 1 porsiya palov uchun 34,5 ming so‘m, 1 kg uchun esa 241 ming so‘m.
Narxlar o‘tgan oyga nisbatan ko‘p hududlarda o‘zgarmagan bo‘lsa-da, ayrim viloyatlarda, masalan, Andijonda 3 foizga, Farg‘onada esa 5 foizga oshgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan nashri oktabr oyida Toshkentda palov narxi 16,9 foizga qimmatlashgani haqida yozgan edi.