Oʻzbekiston JSTga qoʻshilish bo‘yicha Filippin bilan ham kelishuvga erishdi
O‘zbekiston Filippin bilan JSTga qo‘shilish bo‘yicha muzokaralarni yakunladi. Bu haqda JST masalalari bo‘yicha prezidentning maxsus vakili Azizbek Urunov o‘z LinkedIn sahifasida ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, 1-dekabr kuni Jenevada o‘tgan uchrashuvda Urunov va Filippin elchisi Tixanki Manuel tegishli protokolni imzoladilar. Marosimda JST bosh direktori o‘rinbosari Chjan Syanchen ham ishtirok etdi.
Urunovning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi ikki oy ichida O‘zbekiston Filippin, AQSh, Xitoy va Salvador bilan JSTga qo‘shilish bo‘yicha kelishuvlarga erishdi. Hozirgacha Isroil, Braziliya, Shri-Lanka va boshqa davlatlar ham O‘zbekistonni qo‘llab-quvvatlashini bildirgan.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston 2026-yilda Kamerunda bo‘lib o‘tadigan JSTning 14-vazirlar yig‘ilishigacha a’zolikni rasmiylashtirishni maqsad qilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Oʻzbekiston Xitoy bilan JSTga a’zo boʻlish boʻyicha muzokaralarni yakunlagan edi.