Yangiliklar

Nima sababli sabzavotlar narxi oy davomida 9 foizga qimmatlashdi

Mavsumiy omillar tufayli
Foto: Depositphotos.com

2024-yil noyabr oyida iste’mol narxlari indeksi o‘tgan yilning noyabriga nisbatan 10% ga yuqori bo‘ldi. Bu haqda Statistika agentligi ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, oy davomida o‘sish 0,9% ni tashkil etdi, yil boshidan buyon esa 8,7% ga oshdi.

Narxlarning o‘sishiga eng katta ta’sir oziq-ovqat mahsulotlari narxining ko‘tarilishi sabab bo‘ldi. Mavsumiy omillar tufayli sabzavotlar, ildizmevalar va dukkaklilar oy davomida 9% ga qimmatlashdi. Biroq ularning o‘rtacha narxlari 2023-yil noyabr oyidagi qiymatga qaytdi.

Yog‘ va yog‘ mahsulotlari oy davomida 2,7% ga (yilda 5,5%) qimmatlashgan. Sut, sut mahsulotlari va tuxum narxi bir oyda 1,3% ga oshgan bo‘lsa, yil davomida 2,7% ga arzonlashgan. Krupalar va don mahsulotlari bir oyda 1,2% ga arzonlashib, yil davomida 0,3% ga qimmatlashgan.

Meva-sabzavot mahsulotlari orasida bir oy ichida pomidor, bodring va bulg‘or qalampiri narxi sezilarli darajada oshgan. Yillik o‘sishda esa kartoshka, sarimsoq va sabzi narxlari yuqorilagan. Go‘sht mahsulotlari o‘rtacha bir oyda 0,5% ga, yillik hisobda esa 10,3% ga qimmatlashgan.

Oziq-ovqatdan tashqari, 2024-yil oktabr va noyabr oylarida tamaki va spirtli ichimliklar, kiyim-kechak va poyabzal, transport xizmatlari hamda restoran va mehmonxona xizmatlari narxi tezkor sur’atlarda oshgan (0,9% dan yuqori). Shu bilan birga, axborot va aloqa xizmatlarining o‘rtacha narxlari bir oyda pasaygan.

2023-yil noyabr oyiga nisbatan eng ko‘p qimmatlashgan soha — uy-joy-kommunal xizmatlari bo‘lib, ularning narxi 39,4% ga oshgan. Sog‘liqni saqlash xizmatlari narxi 20,7% ga, ta’lim xizmatlari esa 14,8% ga oshgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Oʻzbekistonning JSTga a’zo boʻlishi iqtisodiy oʻsishni 17 foizga oshirishi mumkinligi haqida yozgan edik.