Yoshlar oʻrtasidagi Osiyo oʻyinlarining Oʻzbekistondan Bahraynga koʻchirilishi sababi ma’lum qilindi
2025-yilda Oʻzbekistonda yoshlar oʻrtasidagi Osiyo oʻyinlari bekor qilinishining sababi ma’lum boʻldi. Bu haqdagi xabar Osiyo olimpiya kengashi (OOK) saytida e’lon qilindi.
«Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi OOKga xat yoʻllab, 2025-yil sentabr oyida rejalashtirilgan Olimpiada oʻyinlarini oʻtkazish imkoniyati yoʻqligini ma’lum qildi. Bunga sabab sifatida Toshkentda Olimpiya shaharchasining qurilishi belgilangan muddatda yakunlanmasligi ekanligi bildirilgan», – deyiladi tashkilot bayonotida.
Oʻzbekistonda oʻtkazilishi rejalashtirilgan yoshlar oʻrtasidagi Osiyo oʻyinlari Bahraynga koʻchirildi.
Joriy yilning noyabr oyida Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi Toshkentdagi Olimpiya shaharchasida pardozlash ishlari yakunlanganini ma’lum qilgan edi.
Eslatib oʻtamiz, obyekt qurilishi 2022-yil fevral oyidan buyon davom etmoqda. Sport majmuasining maydoni 160 gektarni tashkil qiladi. Olimpiya shaharchasining qiymati taxminan $290 millionga baholangan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan poytaxtdagi Olimpiya shaharchasida xokkey majmuasi tashkil etilishi rejalashtirilayotgani haqida yozgan edi.