Buxoro shahrining tarixiy qismida skuter va mopedlar harakati cheklandi
Buxoro shahrining tarixiy qismida skuterlar, mopedlar, velosipedlar va boshqa shaxsiy harakatlanish vositalarining harakati cheklandi. Bu haqda Yoʻl harakati xavfsizligi xizmati ma’lum qildi.
Ma’lum qilinishicha, bunday hududlarga yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmasi tomonidan ogohlantiruvchi yoʻl belgilari oʻrnatilmoqda. Ushbu transport vositalarining harakati taqiqlangan joylarda harakat qilish ma’muriy javobgarlikka sabab bo‘ladi.
«Ularning harakati tarixiy merosga zarar yetkazishi, qolaversa, bu hududda harakatlanayotgan koʻplab sayyohlar va mahalliy aholi vakillariga xavf tugʻdirishi mumkin», – deyiladi xabarda.
Eslatib oʻtamiz, individual harakatlanuvchi va kichik hajmli elektr dvigatelli transport vositalarini boshqarish vaqtida sodir etilgan huquqbuzarliklar uchun ma’muriy javobgarlik belgilandi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan piyoda yoʻlaklarida elektr samokatlarni tezligi soatiga 10 km.dan oshirish mumkin emasligi haqida xabar bergan edi.