Oʻzbekistonlik Dilorom Yoʻldosheva 2024-yil uchun tuzilgan «Dunyoning «TOP-100» ayoli» roʻyxatiga kirdi. Ro‘yxat BBC axborot agentligi tomonidan tuzildi va e’lon qilindi.
Unga ko‘ra, 2022-yilgi baxtsiz hodisa oqibatida ikkala oyogʻidan ayrilganiga qaramay Dilorom Yoʻldosheva tikuvchilik korxonasini tashkil etib, 40 dan ortiq ayollarga hunar oʻrgatdi. Ularni daromad topishlarida yordam berdi. Uning korxonasi hozirda maktab oʻquvchilari uchun forma ishlab chiqarish boʻyicha shartnomalar asosida ishlamoqda va koʻplab ayollar uchun barqaror daromad manbaiga aylangan.
BBC’ning mazkur roʻyxati dunyo boʻylab ilhomlantiruvchi va bardoshli ayollarni oʻz ichiga oladi. Ushbu yil «bardoshlilik» mavzusi asosiy mezon sifatida tanlandi. Dilorom Yoʻldosheva oʻzining qat’iyati va tashabbusi tufayli ushbu nufuzli roʻyxatdan oʻrin egalladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq o‘zbekistonlik ikki tadbirkor Forbes’ning top reytingiga kirgani haqida yozgan edik.