Qishloq xo‘jaligi sohasida davlat boshqaruvi yanada takomillashtiriladi
Qishloq xo‘jaligi sohasida davlat boshqaruvini yanada takomillashtirish to‘g‘risida PQ-413-son prezident qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi axborot xizmati xabar berdi.
Hujjatda qayd etilishicha, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi va viloyatlar hokimliklari tuzilmalariga – Qoraqalpog‘iston qishloq xo‘jaligi vaziri, viloyat qishloq xo‘jaligi boshqarmasi boshlig‘i lavozimi kiritiladi.
Shuningdek, tuman (Quvasoy shahar) hokimliklari tuzilmalariga – hokimning qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari – tuman (Quvasoy shahar) qishloq xo‘jaligi bo‘limi boshlig‘i lavozimi kiritiladi.
Ushbu lavozim egalariga oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi sohalarini modernizatsiya qilish, diversifikatsiya qilish va barqaror o‘sishini qo‘llab-quvvatlash uchun xususiy investitsiya kapitali oqimini ko‘paytirish orqali sohada davlat ishtirokini kamaytirish va investitsiyaviy jozibadorlikni oshirish mexanizmlarini joriy qilish vazifasi yuklatiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kursiv Uzbekistan Kareliya O‘zbekistonga qishloq xo‘jaligi uchun shungit mineralini yetkazib berishi haqida xabar bergan edi.