Tog‘-kon va metallurgiya sohasiga $1 millard investitsiya jalb qilinadi
Shavkat Mirziyoyev metallurgiya korxonalarining transformatsiya dasturlari va 2025-yilga mo‘ljallangan rejalari bilan tanishdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, so‘nggi yillarda tog‘-kon va metallurgiya sohasi sezilarli o‘sishga erishib, sanoatning uchdan bir qismini tashkil qilmoqda.
2016-yildan buyon oltin, kumush va mis qazib olish hajmlari sezilarli darajada oshgan. So‘nggi besh yilda $9,5 mlrd.lik investitsiya jalb qilinib, 15 ta yirik loyiha amalga oshirildi.
2025-yilgacha sohada $1 mlrd investitsiya jalb qilish, kaolin ishlab chiqarishni 50 foiz oshirish va ko‘mir qazib olishni 10 mln tonnaga yetkazish rejalashtirilgan. Bundan tashqari, yevrobondlar chiqarish orqali qo‘shimcha moliyaviy resurslar jalb qilinadi.
Yig‘ilishda transformatsiya orqali korxonalarning raqobatbardoshligini oshirish, tannarxni kamaytirish, raqamlashtirish va avtomatlashtirish ustuvor vazifa sifatida belgilandi. Bu chora-tadbirlar iqtisodiy samaradorlikni oshirish va xalqaro bozor talablariga moslashishga qaratilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq dala chetidan samarali foydalangan fermerlarga qanday imtiyozlar berilishi haqida yozgan edik.