2024-yilda «Paxtakor» futbol klubining xarajatlari 100 mlrd soʻm atrofida boʻldi – Jahongir Ortiqxoʻjayev
2024-yilda «Paxtakor» futbol klubining xarajatlari 100 mlrd soʻm atrofida boʻldi. Bu haqda Toshkentda boʻlib oʻtgan matbuot anjumanida jamoa raisi Jahongir Ortiqxoʻjayev ma’lum qildi, deb xabar bermoqda Kursiv Uzbekistan muxbiri.
Ortiqxoʻjayevning soʻzlariga koʻra, 2025-yilda smeta oshadi, sababi tez orada «Paxtakor» stadioni rekonstruksiyasi boshlanadi. Shuningdek, u «Paxtakor» umuman moliyaviy jihatdan foyda keltirmasligini aytib oʻtdi.
«Kimdir shahrimizning bosh jamoasini moliyalashtirishi kerak-ku, bizni yoshligimiz bu jamoa bilan oʻtgan. Imkonimiz boricha yordam beryapmiz. Oʻzi umuman dunyo boʻyicha 10 – 15 klub futboldan foyda qilsa kerak. Qolganlari esa yoʻq. Oʻzbekistonda futbol foyda keltirishiga ishonmayman», – deydi u.
Eslatib oʻtamiz, klub portugaliyalik murabbiy Pedro Moreyra bilan «1+1» koʻrinishida shartnoma imzoladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan «Paxtakor» stadionida rekonstruksiya boshlanishi haqida xabar bergan edi.