Bolalar huquqlarini himoya qilish uchun yangi tizim: prezident farmoni bilan komissiyalar tarkibi yangilanadi
Bolalar masalalari bo‘yicha komissiyalar faoliyatining samaradorligini oshirish bo‘yicha PF-201-son prezident farmoni qabul qilindi.
Hujjatda qayd etilishicha, bolalar masalalari bo‘yicha milliy komissiya tarkibi yangilanadi. Shuningdek, ushbu masala bo‘yicha Qoraqalpog’iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahri va tuman (shahar) komissiyalarining namunaviy tarkiblari ham tuziladi.
Farmonda bolalarning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini amalda ro‘yobga chiqarish komissiyaning asosiy vazifasi etib belgilandi.
Bundan tashqari, komissiya zimmasiga bolalarning jismoniy, intellektual, ma’naviy hamda axloqiy jihatdan kamol topishiga, qobiliyati va iste’dodini to‘liq namoyon etishiga ko‘maklashish bo‘yicha chora-tadbirlarni muvofiqlashtirish vazifasi ham yuklangan.
Bolalar masalalari bo‘yicha milliy komissiya va hududiy komissiyalarning ishchi organi vazifasini, Ijtimoiy himoya milliy agentligi, uning joylardagi boshqarmalari hamda tuman (shahar) «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazlari bajaradi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kursiv Uzbekistan 2025-yildan yolg‘iz ota yoki onaga bolalar bog‘chasi uchun moddiy yordam berilishi haqida xabar bergan edi.