Davlat xaridlarida biznes uchun “tadbirkorbay” ishlash tizimi joriy etiladi
Davlat xaridlarida ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash hamda ularga keng imkoniyatlar yaratish bo‘yicha PQ-417-son prezident qarori qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, 2025-yil 1-yanvardan ishlab chiqaruvchilar tomonidan o‘zlari ishlab chiqargan tovarlarni taklif etish bo‘yicha ochiq va shaffof ishlab chiqaruvchilar ekotizimi joriy qilinadi. Ya’ni, davlat buyurtmachilari va ishlab chiqaruvchilar o‘rtasida, ishlab chiqaruvchilar o‘rtasida o‘zaro kooperatsiya aloqalarini o‘rnatish imkoniyatini yaratish.
Shuningdek, «B2B» va «B2C» formatida «marketpleys» shaklidagi erkin savdo maydonchasini tashkil etish tizimi joriy etiladi. Ushbu yo‘nalishda ma’sul tashkilot sifatida Iqtisodiyot va moliya vazirligi belgilanadi.
Bundan tashqari, «davlat xaridlari – biznesga ko‘mak» tamoyili asosida «tadbirkorbay» ishlash tizimi yo‘lga qo‘yiladi.
Ayrim tadbirkor ishlab chiqaruvchilarga barcha davlat xaridlari elektron tizimlarida davlat xaridlarida ishtirok etish uchun vositachilik yig‘imi miqdoriga nisbatan 50 foiz chegirma taqdim etiladi, shuningdek, xarid qilish tartib-taomillarida ishtirok etishda qo‘shimcha zakalat kiritilmaydi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kursiv Uzbekistan kichik qiymatli davlat xaridlari uchun soddalashtirilgan tartib joriy etilishi haqida xabar bergan edi.