Janubiy Koreyadagi siyosiy inqiroz Osiyo aksiyalarining pasayishiga olib keldi
Janubiy Koreyada qisqa muddatli harbiy holat e’lon qilinishi chorshanba kuni ertalab Osiyo aksiyalarining pasayishiga olib keldi. Bu haqda Reuters agentligi xabar berdi.
Koreyaning KOSPI (.KS11) fond indeksi deyarli 2 foizga tushdi. Yil boshidan beri u 7 foizdan ortiqqa pasaydi, bu Osiyo bozoridagi eng yomon koʻrsatkich hisoblanadi.
Savdolar boshlanishi bilan Janubiy Koreya vonasi mustahkamlandi, ammo AQSh dollariga nisbatan kursi ikki yillik eng past darajasiga yaqin qoldi. Bugungi kunga kelib, u kecha kechqurun ushbu darajaga tushib ketgan edi.
«Harbiy holat bekor qilindi, ammo bu voqea siyosiy vaziyat va iqtisodiyotda yanada katta noaniqlikni yuzaga keltirmoqda», – dedi xalqaro ING banklari guruhining katta iqtisodchisi Min Dju Kan.
Eslatib o‘tamiz, kuni kecha Janubiy Koreya prezidenti Yun Sok Yol «erkin konstitutsiyaviy tartibni himoya qilish va shimoliy koreyalik kuchlarni yo‘q qilish» maqsadida harbiy holat e’lon qilgan edi. Mamlakat parlamenti tashabbusni qo‘llab-quvvatlamadi. Natijada harbiy holat rejimi bekor qilindi.