Yangiliklar

O‘zbekistonlik o‘quvchilar TIMSS 2023 baholashida past natijalar ko‘rsatdi

Bu haqda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi xabar berdi
Foto: ArturVerkhovetskiy/Depositphotos

Xalqaro baholash dasturi TIMSS 2023 natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston maktab o‘quvchilari matematika va tabiiy fanlar bo‘yicha past ko‘rsatkichlarni qayd etdi. Bu haqda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi xabar berdi.

4-sinf o‘quvchilari natijalari

O‘zbekistonlik 4-sinf o‘quvchilari tabiiy fanlar savodxonligi bo‘yicha 412 ball to‘plab, ishtirokchi 58 ta davlat ichida 54-o‘rinni egalladi. Matematika savodxonligi bo‘yicha esa 443 ball bilan 50-o‘ringa joylashdi.

Qizlar tabiiy fanlar yo‘nalishida 414 ball to‘plab, o‘g‘il bolalarga (409 ball) nisbatan yaxshiroq natija ko‘rsatgan. Matematika yo‘nalishida ham qizlar (446 ball) o‘g‘il bolalardan (440 ball) yuqori natijaga ega bo‘ldi.

8-sinf o‘quvchilari natijalari

8-sinf o‘quvchilarining matematik savodxonlik bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkichi 421 ballni tashkil etib, qatnashuvchi 44 ta davlat ichida 32-o‘rinni egalladi. Tabiiy fanlar yo‘nalishida esa 396 ball bilan 39-o‘ringa joylashdi.

Tabiiy fanlar bo‘yicha qizlar (395 ball) va o‘g‘il bolalar (396 ball) deyarli bir xil natija qayd etgan. Matematika yo‘nalishida esa o‘g‘il bolalar (426 ball) qizlardan (416 ball) yuqori natijaga ega bo‘lgan.

TIMSS (Trends in International Mathematics and Science Study) – bu 4- va 8-sinf o‘quvchilarining matematika va tabiiy fanlarni o‘zlashtirish darajasini baholovchi xalqaro dastur. Tadqiqot Xalqaro Ta’lim Yutuqlarini Baholash Assotsiatsiyasi (IEA) tomonidan o‘tkaziladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kursiv Uzbekistan Singapurdagi matematika olimpiadasida o‘zbekistonlik maktab o‘quvchilari 30 dan ortiq medallarni qo‘lga kiritgani haqida xabar bergan edi.