«Paxtakor» futbol klubiga portugaliyalik murabbiy Pedro Moreyra taklif etildi. Bu haqda Toshkentda bo‘lib o‘tayotgan matbuot anjumanida e’lon qilindi, deb xabar bermoqda Kursiv Uzbekistan muxbiri.
Qayd etilishicha, murabbiy o‘zining yordamchi shtabi bilan «Paxtakor»ga boshchilik qiladi.
Ma’lumot uchun, Pedro Miguel de Barros Moreyra 1975-yil 22-martda tug‘ilgan. Portugaliya fuqarosi, ayni vaqtda u Paulo Fonsekaning uzoq muddatli yordamchisi sifatida hamkorlikda ishlagandan so‘ng 2022-yilda mustaqil bosh murabbiy sifatida faoliyat yurita boshlagan.
Murabbiy Roma (Italiya), Shaxtyor (Ukraina), Portu, Braga, Korsavelos (yoshlar) va boshqa bir nechta futbol jamoalarida faoliyat olib borgan.
«Paxtakor»ga boshchilik qilishda Moreyraga Joze Borjez, Marko Leychi, Rikardo Vason, Migel Soareshlar ko‘maklashadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kursiv Uzbekistan «Paxtakor» hamda «Al-Ayn» o‘rtasidagi uchrashuv yuzasidan mutaxassis Alisher Nikimbayev bilan suhbatlashgan edi.