O‘zbekistonda elektromobillar tannarxini pasaytirish rejalashtirilmoqda
Shavkat Mirziyoyev avtomobil sanoatining 2025-yil uchun ustuvor vazifalariga bag‘ishlangan taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, yig‘ilishda ishlab chiqarish hajmi va sifatini oshirish, eksportni kengaytirish hamda mahalliylashtirish darajasini ko‘tarish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilandi.
Yillik avtomobil sotish hajmi 400 mingdan oshayotgani ta’kidlanib, aholining o‘sib borayotgan talabi inobatga olinishi lozimligi qayd etildi. Shuningdek, Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish fonida raqobatbardoshlikni kuchaytirish va elektromobillar tannarxini pasaytirish uchun «BYD» avtomobillarining mahalliylashtirilgan detallar ulushini oshirish rejalashtirildi.
Eksport masalasida kelgusi yil $700 mln.lik mahsulot sotish va yangi bozorlarni egallash maqsadi belgilandi. Samarqanddagi yuk va avtobus ishlab chiqarish korxonalarining xalqaro bozorlarga chiqishi ham muhim vazifa sifatida ko‘rsatib o‘tildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Xalqaro atom energiyasi agentligi bilan hamkorlikda 5 ta loyiha amalga oshirayotgani haqida yozgan edik.