YUNESKO rubob yasash va chalish san’atini nomoddiy madaniy meros sifatida ro‘yxatga kiritdi. Bu haqda «Dunyo» axborot agentligi ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, qo‘mita rubobni Markaziy, Janubiy va Janubiy-G‘arbiy Osiyodagi eng qadimiy cholg‘u asboblaridan biri sifatida tan oldi. Shuningdek, rubob xalqlarni birlashtiruvchi omil bo‘lib, madaniy hamjihatlik va barqaror rivojlanishga hissa qo‘shishi e’tirof etildi.
Bu O‘zbekiston tashabbusi bilan YUNESKO ro‘yxatiga kiritilgan 16-element bo‘ldi. Qo‘mita bu san’atni milliy va xalqaro miqyosda asrab-avaylash hamda targ‘ib qilish bo‘yicha ko‘rilayotgan sa’y-harakatlarni yuqori baholadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Beruniy nomidagi YUNESKO – O‘zbekiston xalqaro mukofoti ta’sis etilgan edi.