Yangiliklar

Suriya muxolif kuchlari Hama shahrini egalladi

Bu orqali muxolifatga Homs va Damashq tomon yirik hujumlarni boshlashga yo‘l ochishi mumkin
Foto: Bakr Al Kassem/AFP

Suriya muxolif kuchlari prezident Bashar al-Assadga qarshi bo‘lgan Hay’at Tahrir al-Sham (HTS) boshchiligidagi qurolli guruhlar mamlakatning to‘rtinchi yirik shahri bo‘lmish Hama ustidan to‘liq nazoratni qo‘lga kiritdi. Bu haqda Al Jazeera axborot agentligi ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, HTS rahbari Abu Muhammad al-Julani Hama shahri va uning harbiy aeroporti to‘liq qo‘lga kiritilganini ma’lum qildi. Bu aeroport Assad kuchlari tomonidan strategik zarbalarni amalga oshirish uchun ishlatilgan edi.

Hama shahrining qo‘lga olinishi muxolif kuchlar uchun nafaqat strategik, balki ramziy ahamiyatga ega. U Damashq tomon yo‘l ochib, muxolifatning Suriyaning markaziy hududlariga kirish imkoniyatini kengaytiradi.

Suriya hukumati kuchlari shaharni tark etib, tinch aholining xavfsizligini ta’minlash va shahar ichidagi janglardan qochish uchun qayta joylashganini e’lon qildi. Assad rejimi Homs va Damashqni himoya qilish uchun yangi harbiy strategiyalarni ishlab chiqishi kutilmoqda.

Bu holat Assad hukumatining xalqaro ko‘magi, xususan, Rossiya va Eronning ta’siri kamayganidan dalolat beradi. Ayniqsa, Rossiyaning Ukrainadagi urushi va Hizbullohning Isroil bilan janglaridagi yo‘qotishlari bu vaziyatga ta’sir qilgan.

Hama ustidan nazorat muxolifatga Homs va undan keyin Damashq tomon yirik hujumlarni boshlash imkonini beradi. Bu esa Assad hukumatini yangi xavf ostida qoldirishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Suriyada isyonchilar Halabni egallagani haqida yozgan edik.