Joriy yilning 11 oyida Bo‘stonliq tumaniga 12 million nafar sayyoh kelib, turistlar tashrifi 12 baravarga oshgan. Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumaniga tashrif buyurib, bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi.
Qayd etilishicha, besh yil avval tumanda 2,2 mingdan ziyod o‘rinli 26 ta maskan bo‘lgan bo‘lsa, shu davrda sohaga ikki trillion so‘mdan ziyod investitsiya kiritilib, 13 mingdan ko‘p o‘ringa ega 59 ta yirik turizm inshooti ishga tushirildi. Shuningdek, tumanga eltuvchi asosiy avtomobil yo‘li ta’mirlanib, qo‘shimcha yo‘llar qurildi.
Bundan tashqari, Chirchiq daryosi bo‘yida «Chorvoq darvozasi» turistik majmuasi qurilmoqda. Qariyb 25 gektar maydondagi majmuada 16 ta ko‘p qavatli uy, uchta mehmonxona, ikkita supermarket, 60 dan ziyod savdo va maishiy xizmat shoxobchalari, kafe va restoranlar, bank ofisi, akvapark, musiqali favvora, avtoturargoh bo‘ladi.
Majmua kuniga 5 mingdan ortiq kishilarga xizmat ko‘rsatish quvvatiga ega bo‘ladi. Mavsumiylari bilan birga 2 ming 500 ta ish o‘rni yaratiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq «Kursiv» O‘zbekistonga tijorat maqsadida qancha turist tashrif buyurgani haqida xabar bergan edi.