Yangiliklar

O‘zbekistonda gaz va elektr energiyasi uchun kompensatsiya olishga arizalar qabuli boshlandi

Kompensatsiya miqdori – 270 ming so‘mni tashkil qiladi
Foto: Ijtimoiy himoya milliy agentligi

O‘zbekistonda noyabr oyida iste’mol qilingan gaz va elektr energiyasi uchun kompensatsiya olishga arizalar qabuli boshlandi. Bu haqda Ijtimoiy himoya milliy agentligi xabar berdi.

Mablag‘lar asosiy ro‘yxatga «Yagona ijtimoiy himoya reyestri» orqali bola nafaqasi va moddiy yordam oluvchi oilalar kiradi. Bir martali kompensatsiyani qo‘shimcha ro‘yxatga kiradigan kam ta’minlanganlar – boquvchisini yo‘qotgan oilalar, yolg‘iz onalar, nogironlar va boshqa ehtiyojmandlar oladi.

Kompensatsiyalar Qoraqalpog‘iston va Xorazmda 5 oy (oktabr – fevral), boshqa hududlarda esa 4 oy (noyabr – fevral) davomida to‘lanadi.

1-dekabrdan boshlab gaz va elektr tariflarining oshishi munosabati bilan arizalar qabul qilinmoqda. Kompensatsiya oy oxirida ijtimoiy me’yordan ortiqcha sarflangan gaz va elektr energiyasi to‘lovlarini qoplash uchun beriladi.

Eslatib o‘tamiz, kompensatsiya miqdori 270 ming so‘m bo‘lib, mablag‘lar karta hisoblariga 2024-yil 27-noyabrdan keyin o‘tkaziladi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan ehtiyojmand oilalarga gaz va elektr uchun bir martalik kompensatsiya puli berilishi haqida yozgan edi.