Jahon banki O‘zbekistonda qaysi sohalarni rivojlantirish lozimligini aytdi
Jahon banki O‘zbekiston xizmatlar sohasiga bag‘ishlangan yangi hisobotni e’lon qildi. Bu haqda Jahon banki Kursiv O‘zbekistonga ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, xizmatlar sektori mamlakat iqtisodiyotining muhim bo‘lagi bo‘lib, YaIMning 43,9 foizini tashkil etadi va ish o‘rinlarining yarmidan ko‘pini qamrab oladi. Biroq sohaning rivojlanishi sekinlashgan, innovatsion xizmatlar ulushi esa pastligicha qolmoqda.
Jahon banki O‘zbekistonga xizmatlar sohasini modernizatsiya qilish va liberallashtirishni tavsiya qilmoqda. Asosiy takliflar orasida transport va raqamli infratuzilmani rivojlantirish, davlat monopoliyalarini qisqartirish, malakali kadrlarni tayyorlash va xorijiy investitsiyalarni jalb qilish choralari taqdim etilgan.
Ushbu islohotlar O‘zbekiston YaIMini 17 foizga oshirishi, aholining real daromadlarini 16 foizga ko‘paytirishi va yangi ish o‘rinlari yaratishga yordam berishi mumkin. Shuningdek, bu choralar mamlakatni global bozorlar bilan integratsiyalashuviga ham zamin yaratadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Jahon banki Toshkentdagi havo sifatini yaxshilash uchun chiqindilarni kamaytirishga sarmoya kiritishni tavsiya qilgan edi.