Yangiliklar

Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temir yo‘li qurilishi 2024-yil dekabr oyida boshlanadi

Bu masala Shavkat Mirziyoyev va Sadir Japarovning telefon orqali muloqotida muhokama qilindi
Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev 6-dekabr kuni telefon orqali muloqotda Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarovni tavallud ayyomi bilan tabrikladi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston prezidenti Qirg‘iziston yetakchisiga mustahkam sog‘lik, oilaviy baxt-saodat hamda qardosh qirg‘iz xalqiga farovonlik va ravnaq tiladi.

Mamlakat yetakchilari suhbat davomida ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarini yanada kengaytirish va mustahkamlashning dolzarb masalalarini muhokama qildi. Yil boshidan buyon ikki mamlakat o‘rtasida tovar ayirboshlash hajmi $700 milliondan oshgan. Shuningdek, hududlararo va ishbilarmonlik aloqalari, madaniy almashinuvlar faollashgan.

Shu oyda Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temir yo‘lini qurish bo‘yicha loyihani boshlash rejalashtirilgan. O‘zbekiston va Qirg‘iziston prezidentlari Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlik masalalari yuzasidan ham fikr almashdilar va bo‘lajak qo‘shma tadbirlar rejasini muhokama qildi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kursiv Uzbekistan O‘zbekiston va Qirg‘iziston to‘lov tizimlari integratsiya qilinishi haqida xabar bergan edi.