O‘zbekistonlik shifokorlar Germaniyaga ishga taklif qilinmoqda
Germaniya klinikalari o‘rta-maxsus ma’lumotli tibbiyot xodimlarini ishga taklif etmoqda. Bu haqda Migratsiya agentligi matbuot xizmati ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, dastlabki oylik maosh 1,9 ming yevroni tashkil qiladi, to‘rtinchi oydan so‘ng 2,5 ming yevroga ko‘tariladi.
Nomzodlarga sohada tajriba, sudlanmagan va sog‘lom bo‘lishi, tibbiyot kolleji (faqat uch yillik) diplomga ega bo‘lishi, 10 oylik nemis tili kursida ishtirok etishi va dasturdan asossiz voz kechmaslik talablari qo‘yilgan. Shuningdek, ishga qabul qilishda nomzodlar uchun turli qulayliklar ham mavjud, jumladan, bepul turarjoy, o‘quv xonasi, stipendiya (6 oy).
Nemis tili o‘qituvchisi va o‘quv materiallari, til darajasi uchun imtihon topshirish, hujjatlarni tarjima qilish va tasdiqlash, o‘quv dasturini muvaffaqiyatli tamomlagan nomzod uchun viza olish va Germaniyada ishga joylashish, aviachipta va aeroportdan ish joyigacha transfer xarajatlari qoplab beriladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kursiv Uzbekistan Samsung kompaniyasi 800 nafar o‘zbekistonlikni ishga olishi haqida xabar bergan edi.