Prezident 483 nafar mahbusni afv etdi
Shavkat Mirziyoyev «Jazo muddatini o‘tayotgan, qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan bir guruh shaxslarni afv etish to‘g‘risida»gi Farmonni imzoladi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, ushbu Farmon O‘zbekiston Konstitutsiyasi qabul qilinganining 32 yilligi munosabati bilan imzolandi.
Farmonga asosan, 483 nafar shaxs afv etildi. Ulardan 107 nafari jazodan to‘liq ozod qilinadi, 275 nafari muddatidan oldin shartli ozod qilinadi, qolganlarga yengilroq jazolar tayinlanadi yoki jazo muddati qisqartiriladi.
Afv etilganlar orasida ayollar, yoshlar, keksa kishilar, chet el fuqarolari hamda taqiqlangan tashkilot faoliyatida qatnashganlar bor.
Ushbu farmon insonparvarlik siyosati va xalqimizning bag‘rikenglik tamoyillarini amalda namoyon etadi. Afv etilgan shaxslarning ijtimoiy moslashuvi uchun maxsus chora-tadbirlar ko‘riladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq prezident Konstitutsiya kuni bilan samimiy tabriklagani haqida yozgan edik.