Yangiliklar

Prezident Konstitutsiya kuni bilan samimiy tabrikladi

U yurtdoshlarni asosiy qonunni hayotga tatbiq qilishga chaqirdi
Foto: President.uz

8-dekabr – O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni munosabati bilan Shavkat Mirziyoyev o‘zbek xalqini qutladi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati ma’lum qildi.

Prezident Konstitutsiyaning mamlakat siyosiy, huquqiy va iqtisodiy hayotidagi o‘rni, so‘nggi yillarda amalga oshirilgan islohotlar va erishilgan yutuqlar haqida to‘xtalib o‘tdi.

Davlat rahbari saylovlar ochiqlik va raqobat ruhida o‘tganini, parlament va mahalliy kengashlar vakolatlarining kengaytirilganini ta’kidladi. Shuningdek, iqtisodiyotning 2 barobar o‘sgani, kambag‘allik darajasi pasaygani, ta’lim va sog‘liqni saqlash tizimidagi ijobiy o‘zgarishlarni e’tirof etdi.

2025-yil «Atrof-muhitni asrash va yashil iqtisodiyot yili» deb e’lon qilinib, ekologik muvozanatni saqlashga alohida e’tibor qaratilishi bildirildi.

Shuningdek, Mirziyoyev barcha yurtdoshlarni asosiy qonunni chuqur hurmat qilishga va uni hayotga tatbiq etishda faol bo‘lishga chaqirdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Konstitutsiya kuni munosabati bilan necha kun dam berilishi haqida yozgan edik.