Yangiliklar

Raqobat qoʻmitasi iste’molchilarni chalgʻituvchi chegirmalar haqida ogohlantirdi

Tadbirkorlar qonuniy talablarga amal qilishga chaqirildi
Foto: tiler84 / depositphotos.com

Bayram kunlari arafasida savdo markazlari va doʻkonlarda xaridorlarni jalb qilish maqsadida turli aksiyalar, bonuslar, chegirmalar va keshbeklar taklif qilinmoqda. Shu munosabat bilan Raqobat qoʻmitasi tadbirkorlarni qonuniy talablarga amal qilishga chaqirdi.

Qoʻmita ma’lumotiga koʻra, bayramona chegirmalar odatda haftalik yoki faqat ma’lum bir kunlarga moʻljallangan boʻlib, ba’zan reklamalarda tovarlar narxi sun’iy ravishda 20 – 30 foiz, hatto 90 foizgacha pasaytirilgani aytiladi. Lekin tahlillar shuni koʻrsatadiki, ayrim hollarda bunday aksiyalar va chegirmalar faqat nomiga oʻtkaziladi. Bu usul orqali iste’molchilarda foydali xarid qilayotgani haqidagi tasavvur uygʻotish maqsad qilingan boʻlishi mumkin.

Shu boisdan Raqobat qoʻmitasi tadbirkorlardan iste’molchilarga tovar va xizmatlar haqida haqqoniy va tushunarli ma’lumot taqdim etishni, shuningdek, aksiyalar va chegirmalarni amaldagi qonunchilik talablariga mos ravishda oʻtkazishni soʻramoqda. Agar qonunchilik talablariga rioya qilinmasa, belgilangan tartibda choralar koʻrilishi haqida ogohlantirildi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Raqobat qoʻmitasi antifriz sotuvida qoidabuzarliklarni aniqlagani haqida xabar bergan edi.