Toshkent – Xo‘jakent yo‘nalishida yangi elektropoyezd ishga tushdi
Shavkat Mirziyoyev 6-dekabr kuni «Toshkent – Xo‘jakent» yo‘nalishida yangi elektropoyezdni ko‘zdan kechirdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, ushbu yo‘nalish uchun 586 o‘rindiqli, qulay va zamonaviy elektropoyezd ishga tushirilib, kuniga uch martadan qatnov yo‘lga qo‘yiladi.
Poyezd soatiga 120 kilometrgacha tezlikda harakatlanadi. Vagonlar yoritilgan va xavfsizlik tizimlari bilan jihozlangan. Ushbu loyiha yo‘lovchilarga qulaylik yaratish va transport xizmatlarini rivojlantirish maqsadida amalga oshirilmoqda.
Davlat rahbari safar davomida temir yo‘l infratuzilmasini rivojlantirish, yo‘lovchilar uchun sharoitlarni yaxshilash va temir yo‘l bo‘ylarini obodonlashtirish bo‘yicha mutasaddilarga topshiriqlar berdi. 2025-yilgi renovatsiya dasturi doirasida Toshkent – Xo‘jakent yo‘nalishi atrofini obodonlashtirish va egri yo‘llarni to‘g‘rilash bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
«Yashil makon» loyihasi doirasida temir yo‘l chetlarini ko‘kalamzorlashtirish va iqlimga mos o‘simliklarni ekish ishlari ham muhokama qilindi. Ushbu tashabbuslar yo‘lovchi tashishni yanada qulayroq va samarali qilishga qaratilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent va Buxoro o‘rtasida yangi poyezd qatnovi yo‘lga qo‘yilishi haqida yozgan edik.