Janubiy Koreya prezidenti Yun Sok Yol harbiy holat joriy etgani uchun xalqdan uzr so‘radi va bunday holat boshqa takrorlanmasligiga va’da berdi. Davlat rahbari, shuningdek, o‘z harakatlari uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olishga tayyorligini bildirdi, deb xabar beradi Yonhap.
3-dekabr kuni kechqurun mamlakatda harbiy holat joriy etilgani e’lon qilindi. Prezident oʻz qarorini Shimoliy Koreya tomonidan boʻlayotgan tahdid va konstitutsiyaviy tuzumni himoya qilish zarurati bilan izohladi. Shuningdek, u muxolifatni davlatga qarshi toʻntarishga tayyorlanishda aybladi.
Ammo 4-dekabr kuni tun yarmida mamlakat parlamenti favqulodda yigʻilish oʻtkazdi. 300 nafar deputatning 190 nafari harbiy holatni zudlik bilan bekor qilish toʻgʻrisidagi qarorga ovoz berdi. Shu kuni tongda Yun Sok Yol parlament qarorini qabul qilgani va harbiy holatni joriy etilganidan bor-yoʻgʻi 5,5 soat oʻtib bekor qilganini ma’lum qildi.
Keyinroq Janubiy Koreya politsiyasi prezidentga davlatga xiyonat qilganlikda ayblov e’lon qilib, tergov ishlarini boshladi.