Yangiliklar

2025-yilda O‘zbekiston qishloq xo‘jaligini nima kutmoqda

Prezident Shavkat Mirziyoyev qishloq xo‘jaligi xodimlariga tabrik yo‘lladi
Foto: Pixels.com

Prezident Shavkat Mirziyoyevning qishloq xo‘jaligi xodimlariga yo‘llagan tabrigida 2025-yilda O‘zbekiston qishloq xo‘jaligida qanday o‘zgarishlar kutilayotgani ma’lum bo‘ldi.

Qayd etilishicha, joriy yil davomida qishloq xo‘jaligi subyektlariga 18 trln so‘m imtiyozli kredit va 176 mlrd so‘m subsidiya ajratilgani, umumiy qiymati 3,6 trln so‘mlik 11 ming 600 dona yuqori unumli zamonaviy texnika va agregatlar yetkazib berilgani ham mavsumni samarali yakunlashda muhim omil bo‘ldi.

Kelgusi yilda agrar sohani ilm-fan asosida rivojlantirishni tizimli yo‘lga qo‘yish uchun O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi fanlari akademiyasi tashkil etiladi.

O‘tgan yillardagi ijobiy tajriba davom ettirilib, yana 100 ming gektar yer dehqon xo‘jaliklarini tashkil etish uchun aholiga bo‘lib beriladi. Paxtachilikda 40 foiz maydonda Xitoyda o‘zini oqlagan ilg‘or tajriba joriy etiladi.

Ushbu sohada «Raqamli qishloq xo‘jaligi» yagona integratsion platformasi takomillashtirilib, mahsulot yetishtiruvchilarga «bir darcha» tamoyili asosida kompleks xizmat ko‘rsatish tartibi yo‘lga qo‘yiladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kursiv Uzbekistan qishloq xo‘jaligi sohasida davlat boshqaruvi yanada takomillashtirilishi haqida xabar bergan edi.