Banklar va moliya

Faktoring O‘zbekiston iqtisodiyotiga qanday yordam beradi

Birinchi bosqichda ushbu xizmat mamlakat ichida ommalashtiriladi, keyin esa tashqi bozorga chiqariladi
Foto: designer491 / www.depositphotos.com

2024-yilda O‘zbekistonda faktoring portfeli hajmi 1,5 trillion so‘mni tashkil etishi kutilmoqda, 2025-yilga kelib esa bu ko‘rsatkich 10 trillion so‘mdan oshishi mumkin. Bu haqda Kursiv Uzbekistan nashriga O‘zbekiston Markaziy banki raisining o‘rinbosari Abrorxo‘ja Turdaliyev biznesni moliyalashtirishning yangi usullari bo‘yicha xalqaro konferensiya doirasida ma’lum qildi. Mazkur tadbir Markaziy bank, Xalqaro moliya korporatsiyasi (IFC) va FCI hamkorligida 5-dekabr kuni o‘tkazilgan edi.

Faktoring nima?

Faktoring – bu moliyaviy amaliyot boʻlib, uning doirasida kompaniya oʻz debitorlik qarzlarini (mijozlar tomonidan toʻlanmagan hisob-fakturalar) moliya muassasasiga sotadi va darhol pul oladi. Bu kompaniyalarga aylamna kapitalni tezda qaytarib olish imkonini beradi.

Ushbu vosita, ayniqsa, kichik va o‘rta biznes uchun muhimdir, chunki ular odatda kredit olish yoki garov topishda qiyinchiliklarga duch keladi. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev joriy yilning avgust oyida tadbirkorlar bilan muloqot chog‘ida bu mavzuni tilga olgan edi. Davlat rahbari faktoringni ommalashtirish orqali tadbirkorlarga 20 trillion so‘mlik aylanma mablag‘, eksport bilan shug‘ullanuvchi korxonalarga esa $1 milliard miqdorida yordam berilishini ta’kidladi.

O‘zbekistonda faktoring rivoji

Abrorxo‘ja Turdaliyevning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston IFC bilan birgalikda xalqaro tajribani o‘rganib chiqqan.

«Biz Turkiya va Xitoy tajribasini tahlil qilib, o‘zbek modeli uchun eng samarali tuzilmani tanladik», – dedi u.

Mazkur strategiya doirasida prezident qarori qabul qilinib, xususiy faktoring platformalarini yaratish uchun asos bo‘ldi (2024-yil dekabr holatiga ko‘ra, ular soni to‘rttani tashkil etadi). Bugungi kunda 2 mingdan ortiq korxonalar va 25 ta bank ushbu tizimlarga integratsiya qilindi, 1,6 ming korxona uchun esa 2,5 trillion so‘mdan oshiq miqdorda limitlar belgilangan.

To‘rtta raqamli platformadan biri bo‘lgan Oz Planet direktori Aleksandr Bogdanov limitlar mexanizmini quyidagicha tushuntirdi:

«Bank uchun o‘rta biznesni baholash juda qiyin. Yirik xaridorlarni baholash esa ancha oson. Shuning uchun biz yirik xaridorlar uchun limitlar va risklarni belgilash nuqtai nazaridan mahsulotimizni rivojlantirishga qaror qildik. Bu orqali ular o‘z yetkazib beruvchilariga faktoring yoki kredit yelkasini taqdim etishadi. Yirik xaridorlar belgilangan limitlar asosida kichik va o‘rta biznesga faktoring moliyalashtirish ajratiladi. Bu jarayonda kichik biznesni kredit xavfi nuqtai nazaridan baholashga ehtiyoj qolmaydi. Natijada biz yetkazib beruvchilar bilan hisob-kitoblarni tezlashtiramiz va aslida iqtisodiyotni tezlatamiz».

Abrorxo‘ja Turdaliyevning qo‘shimcha qilishicha, faktoringning eng muhim jihati qaror qabul qilish tezligi (elektron platformalar orqali) va garov yoki murakkab hujjatlar talab qilinmasligidir.

«Bu kichik biznesga zarur resurslarni tezda olish va ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish imkonini beradi», – dedi u.

Maqsadli auditoriya

IFCning O‘zbekiston va Turkmaniston bo‘yicha menejeri Nil Makkeyn Kursiv Uzbekistan bilan suhbatda faktoring xizmatining kichik va o‘rta biznes uchun ahamiyatini alohida ta’kidladi. «Faktoring kichik biznes uchun xavflarni yirik kompaniyalarga o‘tkazish imkonini beradi. Bank kichik korxonaga kapital ajratganida, xaridor xavfini o‘z zimmasiga oladi», – dedi u.

Makkeynning fikricha, zarur infratuzilma va qonunchilik bo‘lmaganda, faktorning rivojlanishi imkonsiz bo‘lardi. Ammo bugungi kunda ushbu holat Markaziy bank bilan olib borilgan ishlar natijasida sezilarli darajada o‘zgarib bormoqda.

«Faktoring operatsiyalarining kengayishi iqtisodiyot uchun katta imkoniyatlar yaratadi va yangi ish o‘rinlari ochilishiga xizmat qiladi», – dedi Makkeyn.

«Biz xalqaro moliya instituti sifatida odatda xorijiy investitsiyalarni muhokama qilamiz. Ammo har qanday mamlakatda ish o‘rinlari va iqtisodiy o‘sishning asosiy qismini kichik va o‘rta korxonalar ta’minlaydi. O‘zbekistonda har yili bir millionga yaqin yangi ish o‘rni yaratish zarur, va ularning 80 foizi kichik va o‘rta biznesning rivoji bilan bog‘liq bo‘ladi. Ularning rivoji uchun qancha ko‘p moliyaviy vositalar taqdim etilsa, iqtisodiyot shunchalik tez sur’atda o‘sadi», – deya qo‘shimcha qildi IFC vakili.

Makkeynning so‘zlariga ko‘ra, kelgusi ikki yil ichida faktoring O‘zbekiston banklarining muhim moliyaviy instrumentiga aylanadi. Shuningdek, ushbu vosita bilan ishlashga ixtisoslashgan alohida kompaniyalar paydo bo‘lishi kutilmoqda.

Fatoringni rivojlantirish bo‘yicha vazifalar

Hozirgi muvaffaqiyatlarga qaramay amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ko‘plab vazifalar hali mavjud. Masalan, tadbirkorlarning faktoring xizmatidan xabardorligi past darajada qolmoqda, banklar esa ushbu xizmatni joriy qilish uchun xodimlarning malakasini oshirishga ehtiyoj sezmoqda.

Aleksandr Bogdanovning fikricha, faktoring operatsiyalarini rivojlantirish uchun katta kuch va resurslar safarbar etilishi kerak. «Biz banklarga mahsulotni joriy etish va uni mijozlarga taqdim qilishda yordam berishda davom etmoqdamiz», – dedi u.

Markaziy bank raisining o‘rinbosari Abrorxo‘ja Turdaliyevning so‘zlariga ko‘ra, tizim foydalanishga tayyor: «Banklar, platformalar va qonunchilik bor. Endi esa biznes bu imkoniyatdan foydalanishni o‘rganishi kerak», – deya ta’kidladi u.

Bozor va stavkalar

Tadbirkorlar faktoring xizmatining xususiyatlarini yaxshi bilishlari muhim. Har qanday xizmat singari, faktoring ham haq evaziga taqdim etiladigan moliyaviy vosita hisoblanadi. Aleksandr Bogdanovning ta’kidlashicha, hozirgi paytda O‘zbekistondagi faktoring bozoridagi foiz stavkalari turlicha bo‘lib, ular banklarning mablag‘larni qanday manbadan jalb qilganiga bog‘liq.

«Faktor xizmatining afzalligi shundaki, uning stavkalari kredit stavkalaridan yuqori emas. Bundan tashqari, agar xavflar yirik xaridorga yuklansa, foiz stavkasi yirik korporativ mijozlar uchun belgilangan stavkaga teng bo‘lishi mumkin. Bu kichik biznes uchun ayniqsa foydali, chunki ular bunday shartlarda kredit olish imkoniyatiga ega emaslar», – deya qayd etdi Bogdanov.