Oʻzbekistonlik para sportchilar sportning moslashtirilgan turlari boʻyicha oʻsmirlar oʻrtasidagi «Worldability Sport – 2024» musobaqasida 72 ta medalni qoʻlga kiritib, birinchi oʻrinni egalladi.
Musobaqa Tailandning Nakhonratchasima shahrida boʻlib oʻtdi. 18 ta davlatdan kelgan para sportchilar toʻrtta moslashtirilgan yoʻnalish — pauerlifting, yengil atletika, stol tennisi va bochcha (bouling va petankka oʻxshash harakat imkoniyati cheklangan insonlar uchun oʻyin) boʻyicha bellashdi.
Musobaqa yakunida Oʻzbekiston terma jamoasi 55 ta oltin, 9 ta kumush va 8 ta bronza medalini qoʻlga kiritdi. 8-dekabr kuni Toshkent aeroportida sportchilarni tantanali kutib olish marosimi boʻlib oʻtdi.
2024-yilgi musobaqa Worldability Sportning oʻsmirlar oʻrtasidagi ikkinchi oʻyinlari boʻldi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan nogironligi boʻlgan oʻzbekistonliklar davlat jismoniy tarbiya muassasalari va sport obyektlariga bepul tashrif buyurishlari mumkinligi haqida yozgan edi.