Yangiliklar

Tramp tugʻilganlik huquqi boʻyicha AQSh fuqaroligini berishni bekor qilmoqchi

Bu haqda BBC xabar berdi
Foto: gints.ivuskans / Depositphotos.com

AQShning yangi saylangan prezidenti Donald Tramp tugʻilganlik huquqi boʻyicha Amerika fuqaroligini berishga chek qoʻyishni rejalashtirmoqda. Bu haqda BBC xabar berdi.

Hozirda tugʻilish huquqi boʻyicha fuqarolikka ega boʻlishni Konstitutsiyaga kiritilgan 14-tuzatish kafolatlaydi. Uning matniga koʻra, ota-onasining fuqaroligidan qat’i nazar, shtat hududida tugʻilgan har qanday odam AQSh fuqarosi hisoblanadi. Tuzatish 1868-yilda Shimol va Janub urushi paytida kiritilgan.

Respublikachilar bu holatni bir necha bor tanqid qildi. Partiya tarafdorlarining fikriga koʻra, ota-onasi AQSh fuqarosi boʻlmagan bolaga fuqarolik berish adolatdan emas. Bundan tashqari, fuqarolik berish «tugʻuruq turizmiga» olib keldi. Tadqiqotchilarning ma’lumotlariga koʻra, har yili 30 mingdan ortiq ayollar bola tugʻish uchun qisqa muddatli vizalar bilan AQShga kelgan.

Donald Tramp suhbatda migratsiya bilan bogʻliq boshqa saylovoldi va’dalarini ham bajarishga va’da berdi. Unga koʻra, respublikachi noqonuniy migrantlarni deportatsiya qilishni soddalashtirmoqchi. Shu jumladan, oila a’zolari AQShda qonuniy asosda boʻlgan shaxslar. Shu bilan birga, Tramp bolaligida mamlakat hududiga kelgan noqonuniy muhojirlarga yordam berish uchun demokratlar bilan hamkorlik qilishga rozi boʻldi.

Jurnalistlar Donald Trampdan 2021-yilgi Kapitoliydagi tartibsizliklar ishtirokchilarini afv etish niyati bor-yoʻqligi haqida soʻrashdi. Respublikachi oʻz ma’muriyati ish boshlagan kunning oʻzidayoq ularning ishlarini koʻrib chiqishni boshlashini ma’lum qildi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Tramp inauguratsiya marosimiga kurdlarning oʻz-oʻzini mudofaa qilish otryadlari yetakchisi Mazmum Kobaniyni taklif etishini yozgan edi.