Birja savdolariga chiqarilayotgan avtobenzin hajmi ikki barobar oshiriladi
Ayrim hududlarda avtomobillarga gaz to‘ldirish shoxobchalari faoliyatiga qisqa muddatli cheklovlar kiritilayotgani sababli birja savdolariga chiqarilayotgan avtobenzin hajmi ikki barobar oshiriladi. Bu haqda Energetika vazirligi ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, barcha hududlarda zarur miqdorda zaxiralar shakllantirilgan va talabga qarab avtobenzin hajmini yana ko‘paytirish imkoniyati mavjud. Iste’molchilarning avtobenzinga bo‘lgan ehtiyojlarini to‘liq qondirish masalasi davlat nazoratiga olingan.
Shuningdek, xususiy avtomobillarga yonilg‘i quyish shoxobchalari egalari narxlarni sun’iy oshirmaslikka va yonilg‘ini sifat va miqdor jihatidan to‘g‘ri taqdim etishga chaqirildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq gaz quyish shoxobchalarida qisqa muddatli cheklovlar kiritilishi rejalashtirilayotgani haqida yozgan edik.