Oʻzbekiston Superligasida roʻyxatdan oʻtgan futbolchilar uchun toʻlanishi kerak boʻlgan eng kam oylik belgilandi. Bu haqda Oʻzbekiston Professional futbol ligasi (PFL) axborot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, PFL hamda Oʻzbekiston futbolchilari uyushmasi hamkorlikda futbol assotsiatsiyasiga mazkur masalada qoʻshma taklif kiritgan. Endilikda Liga mehnatga haq toʻlashning besh baravar miqdoridan kam boʻlgan mehnat shartnomalarini roʻyxatdan oʻtkazmasligi belgilab berildi.
Eslatib oʻtamiz, bugungi kunda mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdori 1,15 mln soʻmni tashkil qiladi. Shunga koʻra, endilikda futbolchi 5,77 mln soʻmdan kam boʻlmagan oylik maosh bilan ta’minlanishi lozim.
Bu orqali yosh iqtidorlarni ragʻbatlantirish, mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdori koʻrinishida maosh olayotgan futbolchida oʻzining oylik chiqimlarini qoplash bilan bogʻliq qiyinchiliklarni bartaraf etish koʻzda tutilgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan 2024-yilda «Paxtakor» futbol klubining xarajatlari 100 mlrd soʻm atrofida boʻlgani haqida xabar bergan edi.