Uzum IPOga chiqishni rejalashtirmoqda
2023-yil oxiriga kelib Uzum kompaniyasi $100 mln.dan ortiq mablag‘ to‘pladi va o‘z qiymatini $1 mlrd.dan oshirishga erishib, O‘zbekistonning birinchi unicorn kompaniyasiga aylandi. Bu haqda Intellinews nashri ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, Uzumning asosiy faoliyat yo‘nalishlari elektron tijorat va fintech hisoblanadi. Kompaniya O‘zbekistondagi eng yirik onlayn do‘konlardan biri bo‘lgan Uzum Marketni boshqaradi, shuningdek, yangi bank va kredit xizmatlarini ham taklif qiladi. 2024-yil avgust oyida Uzum FinTech marketingga deyarli mablag‘ sarflamagan holda, og‘zaki tavsiyalar asosida 600,000 dan ortiq debet kartalarini chiqarishga muvaffaq bo‘ldi.
Kompaniya o‘z infratuzilmasini qurishga katta sarmoya kiritdi, bu esa ularga raqobatchilardan ajralib turish imkonini berdi. Seleznevning ta’kidlashicha, «biz o‘z tizimimizni yaratdik, shunda yangi innovatsion mahsulotlarimizni raqobatchilarimiz osonlik bilan nusxalab olishlari mumkin emas».
Uzum o‘zining muvaffaqiyatlarini to‘liq o‘ziga xos sharoitlarga moslashtirishga asoslagan. O‘zbekiston bozorida mavjud bo‘lgan mahalliy holatni hisobga olgan holda, kompaniya tez o‘sib borayotgan kichik va o‘rta bizneslarga xizmat ko‘rsatish orqali o‘z o‘rnini mustahkamladi.
Shuningdek, kompaniya turli xil IPO variantlarini ko‘rib chiqmoqda, ulardan biri kompaniya tayyor bo‘lganda BAA va AQShning “Nasdaq“ birjasida ikki tomonlama listingdir. 2025-yilda o‘z qiymatini yana ikki baravar oshirishni maqsad qilgan Uzum, kelajakda O‘zbekistonning texnologiya bozorida yanada kuchli o‘ringa ega bo‘lishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston bozorida Uzum’ning elektron tijorat aylanmasi uch karra oshgani haqida yozgan edik.