Afgʻonistonda «Tolibon» hukumatining qochqinlar boʻyicha vaziri Halil ur-Rahmon Haqqoniy Qobuldagi masjid yaqinida sodir boʻlgan terakt natijasida halok boʻldi. Bu haqda CNN xabar bermoqda.
Xabar qilinishicha, hujum Haqqoniy hujjatlarni imzolash jarayonida amalga oshirilgan. U bilan birga yana olti kishi halok boʻlgan.
«Afgʻonistonning qochqinlar boʻyicha vaziri Halil ur-Rahmon Haqqoniyning bugungi xudkushlik hujumi oqibatida vafot etgani tasdiqlandi», – deyiladi hukumat bayonotida.
«Tolibon» ushbu hujumda ISHIDni ayblamoqda, ammo ISHID hali javobgarlikni oʻz zimmasiga olmagan.
Haqqoniy «Tolibon» hokimiyatni egallaganidan keyin Afgʻonistonda portlashlar oqibatida halok boʻlgan eng yuqori lavozimli rasmiylardan biri. U 2021-yil sentabr oyida qochqinlar boʻyicha vazir etib tayinlangan edi.
Avvalroq «Kursiv» Oʻzbekiston Afgʻonistonda gazni qazib olishi va issiqlik elektr stansiyalarini qurishi haqida xabar bergan edi.