Yangiliklar

O‘zbekiston Markaziy banki asosiy stavkani 13,5% darajasida qoldirdi

Joriy yil yakunida umumiy inflyatsiya prognoz koridorining yuqori chegaralarida boʻlishi kutilmoqda
Foto: Vadim Yerzikov / Kursiv Uzbekistan

12-dekabr kuni O‘zbekiston Markaziy banki boshqaruvi yig‘ilishida asosiy stavkani 13,5% darajasida saqlab qolish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

Regulyatorning xabarida shu qarorning sabablari quyidagicha izohlangan:
«Soʻnggi oylarda iqtisodiyotda yuqori talab va narxlarga oshiruvchi bosimlarning saqlanib qolayotganligi fonida inflyatsiya darajasining prognozga nisbatan sekinroq pasayishi va inflyatsion kutilmalarning yuqori shakllanayotganligi kuzatilmoqda. Joriy yil yakunida umumiy inflyatsiya prognoz koridorining yuqori chegaralarida boʻlishi kutilmoqda. Inflyatsion jarayonlarni va kutilmalarni hamda oʻrta muddatli istiqbolda inflyatsiya darajasini 5 foizlik targetigacha pasaytirishga zamin yaratish maqsadida pul-kredit sharoitlarining qatʼiyligi joriy darajada saqlab qolindi».

Asosiy stavka bo‘yicha navbatdagi yig‘ilish 2025-yil 23-yanvarda o‘tkaziladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kursiv Uzbekistan nashri Mamarizo Nurmuratov O‘zbekiston Markaziy banki boshqaruvi raisi lavozimini tark etgani haqida xabar bergandi. Uning o‘rniga ushbu lavozimga Timur Ishmetov tayinlangan.