O‘zbekistonda yagona turizm platformasi ishga tushiriladi
Vazirlar Mahkamasining qarori bilan turizm sohasini raqamlashtirish va turistik xizmatlarni yagona platformaga birlashtirish chora-tadbirlari belgilandi.
Qarorga muvofiq, Ekologiya hamda Raqamli texnologiyalar vazirligi, xorijiy va mahalliy sayyohlar uchun turizm xizmatlarini onlayn platformada taqdim etishni boshlaydi.
2025-yil 1-sentabrdan boshlab sayyohlar joylashish, avtotransport va turistik xizmatlardan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Platforma orqali chiptalar, tur operatorlari xizmatlari va madaniy meros obyektlariga kirish imkoniyatlari taqdim etiladi. Bu tizim turizm sohasidagi statistik hisobotlarni yuritish, xizmatlar uchun to‘lovlarni amalga oshirish va real vaqt rejimida tahlil qilishni osonlashtiradi.
O‘zbekistonning turizm sohasini raqamlashtirish va yaxshilash maqsadida platforma operatori va texnik qo‘llab-quvvatlash Turizm qo‘mitasi tomonidan amalga oshiriladi. Buning natijasida turizm sohasida samarali va uzluksiz xizmat ko‘rsatish ta’minlanadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda noqonuniy gidlarga qarshi kurashish taklif qilingani haqida yozgan edik.