Shavkat Mirziyoyev toʻqimachilik va charm sanoatidagi islohotlar natijadorligini oshirish bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, ushbu tarmoqlar aholi bandligi va eksportda muhim o‘rin tutib, 430 ming fuqaro ish bilan ta’minlangan. Yengil sanoatning ishlab chiqarishdagi ulushi 14 foizni, eksportdagi ulushi esa 16 foizni tashkil qiladi.
Ammo, tashqi bozordagi o‘zgarishlar natijasida eksport narxlari pasaygan. Yig‘ilishda ichki imkoniyatlarni to‘liq safarbar etish, to‘la qayta ishlashni ko‘paytirish zarurligi muhokama qilindi. To‘qimachilik eksporti $2,6 mlrdni tashkil etib, bu ko‘rsatkichni oshirish imkoniyatlari belgilandi.
Shuningdek, charm sanoatida xomashyo bilan ta’minlash, o‘rta bo‘g‘in kadrlari tayyorlash masalalari ko‘tarildi. 2025-yilda $2 mlrddan ortiq xorijiy investitsiyalar jalb qilib, 82 ta yirik loyiha amalga oshirilishi va 25 ming ish o‘rni yaratilishi rejalashtirilgan. To‘qimachilik va charm mahsulotlari eksportini sezilarli darajada oshirish maqsadi qo‘yildi.
Eslatib o‘tamiz, Farg‘ona viloyatiga 3,7 milliard investitsiya jalb qilinishi haqida yozgan edik.