Joriy yilda 102 ta ijtimoiy xizmat mahalla darajasiga tushirildi. Nogiron odamlarga tibbiy xizmat va protezlar olish uchun jarayon soddalashtiriladi. Bu haqda davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev ijtimoiy sohadagi o‘zgarishlar bo‘yicha yig‘ilishda ma’lum qildi.
Oldin fuqarolar protez olish uchun turli komissiyalar va poliklinikalarni ikki oy mobaynida aylanib yurishlari kerak edi, hozir esa ushbu masala mahallada ikki hafta ichida hal etilmoqda. Natijada, bu o‘z-o‘zidan 100 mingdan ortiq odamning ishini yengillashtirdi.
Endi odamlar protezlarni elektron tizim orqali 95 ta ishlab chiqaruvchi orasidan o‘zlari tanlash imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Nogironligi bor bolalarga qarov xizmatlari tashkil etilib, murojaatlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri mahallalarda qabul qilinmoqda. Ushbu tashabbus tufayli 700 nafar ota-ona ishga qaytish imkoniyatini oldi. Shuningdek, harakatlana olmaydigan 4 ming nafar yolg‘iz keksalarga uyida xizmat ko‘rsatish yo‘lga qo‘yildi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Saida Mirziyoyeva ko‘zi ojiz bolalar bilan uchrashgani haqida yozgan edi.