Yangiliklar

Dekabr oyida Toshkent supermarketlarida oziq-ovqat narxlari qanday o‘zgardi

Ba’zi mahsulotlarning narxi oshgan
Foto: Pexels.com

Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) mutaxassislari 2024-yilning dekabr oyida Toshkent shahridagi yirik supermarketlarda 21 nomdagi oziq-ovqat mahsulotlari narxlarini o‘rgandi. Monitoring natijalariga ko‘ra, 10 ta mahsulotning minimal narxi o‘tgan oydagiga nisbatan pasaygan.

Shu jumladan, lavlagi narxi 21,8 foizga, limon narxi 16,7 foizga, qizil sabzi narxi 14,4 foizga, grechka narxi esa 10,7 foizga arzonlashgan. Shakarning narxi 2,8 foizga, guruch narxi 2,8 foizga, sut narxi 2,8 foizga, banan narxi 2,0 foizga, mol go‘shti narxi 1,7 foizga, bug‘doy uni narxi esa 0,6 foizga pasaygan.

Biroq ba’zi mahsulotlarning narxi oshgan. Oqbosh karam narxi oshishi bo‘yicha yetakchi o‘rinni egalladi, ammo Toshkentda oqbosh karamning narxi Markaziy Osiyo mamlakatlari poytaxtlari orasida eng past bo‘lib qolmoqda. Dushanbeda bu mahsulotning narxi 2 baravar, Ostonada 1,7 baravar, Bishkekda esa 1,2 baravar yuqori.

Bundan tashqari, bodring narxi ham sezilarli darajada oshdi. Shunga qaramay o‘tgan yilning shu davridagiga nisbatan bodring narxi 4,3 foizga arzonlashgan.

Kursiv avvalroq noyabr oyida Toshkent supermarketlarida narxlar o‘zgargani haqida yozgan edi.