Iqtisodchi va bloger Otabek Bakirov Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudovning prokuratura hamda Ichki ishlar vazirligiga unga qarshi shikoyat arizasi kiritgani haqida xabar berdi. Bu shikoyat Bakirovning mashhur Sag‘bon podstansiyasi bilan bog‘liq 2023-yil 5-iyunda yozilgan posti tufayli yuzaga kelgan.
Vazir Mirzamahmudov postda haqorat va obro‘sizlantirish holatlari mavjudligini da‘vo qilib, arizani 2024-yil 10-oktabrda, ya‘ni post yozilganidan bir yil va to‘rt oy o‘tib taqdim etgan. Bu masala ayni paytda Toshkent shahar IIB Kiberxavfsizlik bo‘linmasi tomonidan o‘rganilmoqda, deb yozdi Bakirov. Ekspertiza davomida post mazmunida haqorat yoki obro‘sizlantirish alomatlari mavjudligi aniqlanadi.
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga binoan, haqorat qilish – ya’ni shaxsning sha’ni va qadr-qimmatini qasddan kamsitish – 41-modda bo‘yicha bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravaridan qirq baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘lishi mumkin (7,5 mln so‘mdan 15 mln so‘mgacha).
Bakirovning so‘zlariga ko‘ra, vazir arizani Lolazor ko‘rsatuvida qatnashganidan olti kun o‘tib topshirgan. Ushbu podkastda Mirzamahmudov ham mehmon sifatida ishtirok etdi. Shikoyat Sag‘bon podstansiyasi atrofidagi davomiy muammolarni muhokama qilgan post bilan bog‘liq. O‘z navbatida, Bakirov bu harakatlarni energetika sohasidagi tanqidiy chiqishlarni cheklashga bo‘lgan urinib ko‘rish sifatida baholadi.
«Nima boʻlgandayam vazirning xatti-harakatini energotsenzuraga urinish deb qabul qildim, qisqa aytganda, ahvoli tobora ogʻirlashayotgan energetikadagi muammolarni yechish, bartaraf etish oʻrniga tanqidni toʻxtatishga, yopiqlik muhitini yaratishga va kuchaytirishga urinish deb baholayman. Bu urinishlar qancha ma’muriy resurs yoʻnaltirilmasin, samarasiz», – dedi Bakirov.
Bakirov shuningdek, mavjud imkoniyatlar doirasida energetika tizimidagi og‘ir holatni o‘rganishda va mas’ul shaxslarga yoqimsiz savollar berishda davom etishini ta’kidladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kursiv O‘zbekistonda issiqxonalar uchun gaz yetkazib berishda cheklovlar joriy etilgani haqida yozgan edi.