Malayziyaning yirik tijorat banki Oʻzbekistonda oʻz filialini tashkil etishni rejalashtirmoqda
Malayziyaning eng yirik tijorat banklaridan beri Malayan Banking Berhad (Maybank) Oʻzbekistonda oʻz filialini tashkil etishni rejalashtirmoqda. Bu haqda «Dunyo» axborot agentligi xabar berdi.
Oʻzbekistonning Malayziyadagi elchisi Karomiddin Gadoyev bank prezidenti va bosh ijrochi direktori Xayrussalex Ramli bilan uchrashuv oʻtkazdi. Uchrashuv davomida bank sohasiga investitsiyalar kiritish, islomiy bank va takaful (islomiy sugʻurta) xizmatlarini yoʻlga qoʻyish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, Maybank Oʻzbekistonda filial ochish orqali mahalliy yetakchi banklar bilan moliyaviy resurslarni taqdim etish borasida hamkorlik qilish salohiyatini ta’kidladi. Xayrussalex Ramli islomiy bank xizmatlari boʻyicha tajriba almashishga va oʻz mutaxassislarini Oʻzbekistonga yuborishga tayyorligini bildirdi.
Bank rahbari Oʻzbekistonda raqamli bank xizmatlarini rivojlantirish sohasida hamkorlik qilish imkoniyatlarini yuqori baholab, zamonaviy texnologiyalar ikki tomonlama aloqalarni mustahkamlashga xizmat qilishini qayd etdi.
Ma’lumot uchun, Maybank 1960-yilda Xu Tek Puat tomonidan tashkil etilgan boʻlib, bugungi kunda dunyoning 18 mamlakatida 2600 ga yaqin filial va tarmoqlarga ega.
Avvalroq «Kursiv» Oʻzbekistonda islom sugʻurta tizimini joriy etish rejalashtirilgani haqida xabar bergan edi.