Nogironligi boʻlgan ishchilar uchun ijtimoiy soliq 1 foizga tushiriladi

eʼlon qilindi
2025-yil 1-yanvardan boshlab
Foto: Pexels.com

Oʻzbekiston hukumati nogironligi boʻlgan fuqarolar uchun ijtimoiy himoya va reabilitatsiya vositalarini yanada kengaytirishga qaratilgan yangi chora-tadbirlarni joriy etdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, endilikda nogironlarga beriladigan protez va reabilitatsiya vositalari roʻyxati 18 tadan 30 taga koʻpaytirildi. Shu bilan birga, bu uchun ajratilgan mablagʻ miqdori 1,5 barobarga oshirildi. Natijada yil boshidan 100 mingdan ortiq odamning ehtiyoji ta’minlangan.

Yangi roʻyxatga yana 7 turdagi vositalar kiritildi va 2025-yilda 80 ming muhtoj odamga zarur protezlar yetkazib berish vazifasi belgilandi.

Shuningdek, tadbirkorlar nogironligi bor 40 ming kishini ishga joylashtirdi. Bu ijtimoiy dasturlarni kengaytirish maqsadida 1-yanvardan boshlab nogironligi boʻlgan ishchilar uchun ijtimoiy soliq 1 foizga tushiriladi. Korxonalarga surdotarjimon, psixolog va koʻzi ojizlar uchun hamrohlik xizmatlari xarajatlarini qoplash maqsadida 50 mln soʻmgacha subsidiya ajratilishi rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, nogironlarni ishga joylagan xususiy bandlik kompaniyalariga 500 mln soʻmgacha grantlar taqdim etiladi. Ushbu kompaniyalar nogironlarni aniqlash, ularga mos ish o‘rinlarini taklif etish va dastlabki 6 oy davomida hamrohlik qilish majburiyatini oladi. Bu chora-tadbirlar nogironlar uchun ish imkoniyatlarini oshirishi va ularning jamiyatga integratsiyasini ta’minlashga qaratilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq prezident ijtimoiy obyekt loyihalari nogironlar ehtiyojlariga moslashmaganini tanqid qilgan edi.

Shuningdek