Oʻzbekiston xalq artisti Toʻlqin Tojiyev 88 yoshida vafot etdi
Oʻzbekiston Milliy akademik drama teatri atoqli san’atkor, oʻzbek dublyaj san’ati ustasi va Oʻzbekiston xalq artisti Toʻlqin Tojiyevning 88 yoshida vafot etgani haqida xabar berdi.
«Milliy teatr jamoasi marhumning oila a’zolari va yaqinlariga chuqur hamdardlik bildiradi», – deyiladi teatr matbuot xizmati tomonidan tarqatilgan xabarda.
Toʻlqin Tojiyev 1936-yil 13-aprelda Toshkent shahrida tugʻilgan. U 1959-yilda Aleksandr Ostrovskiy nomidagi Toshkent teatr va rassomlik san’ati institutining aktyorlik fakultetini tamomlab, Hamza nomidagi Oʻzbek davlat akademik drama teatrida faoliyatini boshlagan.
U «Oʻzbekfilm» kinostudiyasida oʻzbek tiliga dublyaj qilingan mingdan ortiq xorijiy filmlarga ovoz bergan. U ovoz bergan mashhur filmlar orasida «Qilich va qalqon», «Afonya», «Ivan Vasilevich kasbini oʻzgartiradi», «Ram va Sham», «Sadoqat» kabi filmlar bor.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan «Brilliant qoʻl» filmining qahramoni Svetlana Svetlichnaya vafot etgani haqida xabar bergan edi.