Yangiliklar

Raqobat qoʻmitasi Yandex Go’ga taksi xizmatlari narxini pasaytirish majburiyatini yukladi

Monitoring davomida narxlar dinamikasida keskin o‘zgarishlar aniqlangan
Foto: Koshiro K/ Shutterstock.com

Soʻnggi kunlarda Yandex Go platformasida yoʻlovchi tashish xizmatlari narxlarining oshishi kuzatilmoqda, shu munosabat bilan Raqobat qoʻmitasiga iste’molchilardan koʻplab murojaatlar kelib tushmoqda. Bu haqda qoʻmita axborot xizmati xabar berdi.

Ta’kidlanishicha, dekabr oyining dastlabki 10 kunida Yandex Go platformasi xizmatlari narxlari monitoringi davomida narxlar dinamikasida keskin oʻzgarishlar aniqlangan.

Yandex Go ustun mavqega ega raqamli platforma operatori sifatida tan olingan. Amaldagi qonunchilikka koʻra, xoʻjalik yurituvchi subyektning ustun mavqeyini suiiste’mol qilish, shu jumladan, monopol yuqori narxlarni belgilash taqiqlanadi.

«Yuqoridagilardan kelib chiqib, Raqobat qoʻmitasi Yandex Go taksida yoʻlovchi tashish xizmatlari narxlarini pasaytirish boʻyicha chora koʻrish hamda platforma narx algoritmini qayta koʻrib chiqishi boʻyicha ogohlantirdi», – deyiladi xabarda.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Yandex Oʻzbekistonda marketpleysni roʻyxatdan oʻtkazish uchun ariza topshirgani haqida xabar bergan edi.