Samarqandda 5,5 milliard so‘mlik elektr energiyasi talon-toroj qilindi
Samarqand viloyatida «Oʻzenergoinspeksiya» tomonidan oʻtkazilgan tezkor nazorat tadbirlarida elektr energiyasidan foydalanishdagi qoidabuzarliklar aniqlandi. Bu haqda inspeksiya matbuot xizmati ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, tizimga jami 5,5 mlrd so‘m miqdorida zarar yetkazilgani ma’lum bo‘ldi. Tadbirlar davomida Tayloq tumanidagi «S.Sh.O.» fermer xo‘jaligi va boshqa ikki korxonada – «P.A.O.» MChJ hamda «P.M.W.» MChJda tabaqalashtirilgan tarif bo‘yicha hisob-kitoblar amalga oshirilmagani aniqlandi.
Bu holatlar natijasida energiya ta’minotiga zarar yetkazilgan va mazkur korxonalar ta’minot korxonalariga 5,5 mlrd so‘m miqdorida moliyaviy ziyon yetkazgan. Hozirda barcha holatlar bo‘yicha tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborilgan va qonuniy tartibda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2024-yilning noyabr oyida 90,4 mlrd so‘mlik elektr energiyasi talon-toroj qilingani haqida xabar bergan edik.