Yangiliklar

Markaziy bank bir necha banklarni jarimaga tortdi

Iqtisodiy me’yorlar talablariga rioya qilinmaganligi sababli
Foto: Markaziy bank matbuot xizmati

Markaziy bankning Bank nazorati qoʻmitasi 8 ta bank, 7 ta toʻlov tashkiloti va 12 ta mikromoliya tashkilotiga nisbatan jarima sanksiyasini qo‘lladi. Bu haqda regulyator matbuot xizmatida ma’lum qilindi.

Unga ko‘ra, roʻyxatga olish va ruxsat berish yoʻnalishida 13 ta masala, shu jumladan, 1 ta kredit tashkilotlari ustaviga kiritilgan oʻzgartirishlarni roʻyxatdan oʻtkazish, 1 ta banklarda audit oʻtkazish huquqini berish uchun auditorlik malaka sertifikatini taqdim etish, 3 ta kredit tashkilotlarining ustav fondidagi ulushiga egalik qilish uchun ruxsat berish hamda tijorat banklari kuzatuv kengashi va 8 ta boshqaruvi a’zolari hamda muhim ahamiyatga ega xodimlarining nomzodlarini koʻrib chiqishga doir masalalar koʻrildi.

Shu bilan birga, kredit tashkilotlarining moliyaviy holatiga oid 19 ta masala – Markaziy bankning koʻrsatmalari va prudensial me’yorlari talablarining bajarilishi, tijorat banklarida amalga oshirilgan nazorat tadbirlari, shuningdek, tijorat banklari va mikromoliya tashkilotida oʻtkazilgan oʻrganish va tekshirishlar natijalari ham muhokama qilindi.

Tijorat banklari, mikromoliya tashkilotlari va toʻlov tashkilotlarida oʻtkazilgan oʻrganishlar natijasida aniqlangan qoidabuzarliklar uchun 22 ta bank va 3 ta toʻlov tashkiloti chora va sanksiyalar qoʻllanilishi toʻgʻrisida ogohlantirildi.

Shu bilan birga, amaldagi qonunchilik, Markaziy bank tomonidan oʻrnatilgan iqtisodiy me’yorlar talablari hamda koʻrsatmalariga rioya qilinmagani, shuningdek, oʻrganish va inspeksiya tekshiruvlari davomida aniqlangan qoidabuzarliklar uchun 8 ta bank, 7 ta toʻlov tashkiloti va 12 ta mikromoliya tashkilotiga nisbatan jarima sanksiyasi qoʻllanildi.

Bundan tashqari, Bank nazorati qoʻmitasining tegishli qarori bilan 7 ta bank 2025-yil uchun tizimli ahamiyatga molik banklar sifatida belgilandi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq dekabr oyida Toshkent supermarketlarida oziq-ovqat narxlari qanday o‘zgargani haqida yozgan edik.