Prezidentning «Qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash darajasini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.
Qarorga ko‘ra, 2025-yil 1-yanvardan boshlab qishloq xo‘jaligi texnikalariga qo‘llaniladigan imtiyozlar (subsidiya, soliq va bojxona imtiyozlari) faqat mahalliy ishlab chiqaruvchilar va dilerlar orqali sotiladigan texnikalarga nisbatan tatbiq etiladi.
2027-yil 1-yanvargacha bojxona boji va utilizatsiya yig‘imidan paxta terish kombaynlari, oʻziyurar ozuqa yig‘uvchi va bog‘dorchilik kombaynlari, koʻchat koʻmish va ochish texnikalari, shuningdek, mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan xorijdan olib kelinadigan yangi texnikalar ozod qilinadi.
Shuningdek, 2025-yil 1-martdan boshlab, GPS qurilmasi o‘rnatilmagan traktorlar va kombaynlar davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmaydi. 2028-yil 1-yanvardan esa aniq donalab ekmaslikka olib keladigan seyalkalardan foydalanish taqiqlanadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq maxsus iqtisodiy zonalar faoliyatini boshqarish tizimi yanada soddalashtirilishi haqida yozgan edik.