Misrdan O‘zbekistonga «S» gepatiti dori vositalarini yetkazish qayta yo‘lga qo‘yildi
«S» gepatiti kasalligini 100 foiz davolash maqsadida Misr hukumati tomonidan ajratilgan «Sofosbuvir-400mg» dori vositalarining sakkizinchi partiyasi 14-dekabr kuni Toshkentga yetkazildi. Bu haqda «Dunyo» AA ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, «Uzbekistan Airways» aviakompaniyasining Sharm ash-Shayxdan amalga oshirgan parvozi orqali 30 dona qutidagi 7200 dona dori vositasi mamlakatga olib kelindi.
Bu dori vositalari Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti tomonidan «S» gepatiti bilan og‘rigan bemorlarga taqsimlanadi.
Misr hukumati tomonidan O‘zbekistonga beg‘araz grant yordam sifatida umumiy qiymati $4,2 mln.ga teng 800 ming dona «Sofosbuvir» va «Daklatasvir» dori vositalari berilishi bo‘yicha kelishuvga erishilgan. Hozirga qadar 13,4 tonna dori vositasi, umumiy qiymati 1,46 mln dollar bo‘lgan mahsulotlar O‘zbekistonga yetkazildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq «Parkent-farm» EIZda dori-darmon ishlab chiqarish loyihasi ishga tushirilgani haqida yozgan edik.