Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki (OIIB) O‘zbekistonning yashil, barqaror va inklyuziv iqtisodiyotga o‘tishini jadallashtirish uchun $250 million miqdorida mablag‘ ajratadi. Ushbu loyiha mamlakatning «O‘zbekiston – 2030» strategiyasi doirasida barqaror rivojlanishga erishish va 2030-yilgacha issiqxona gazlari chiqindilarini 2010-yil darajasidan 35 foizga kamaytirish maqsadlarini qo‘llab-quvvatlaydi. Bu haqda OIIB Kursiv Uzbekistan’ga xabar berdi.
Loyiha uchta asosiy yo‘nalishga qaratilgan: iqlim boshqaruvini takomillashtirish, suv va yer resurslarini samarali boshqarish va energetika hamda transport sohalarida kam uglerodli texnologiyalarni joriy etish. Shuningdek, davlat korxonalari uchun iqlimiy xavflar va barqaror rivojlanish bo‘yicha ma’lumotlarni oshkor qilish amaliyotini joriy etishga e’tibor qaratiladi.
Dasturni Iqtisodiyot va moliya vazirligi boshqaradi. OIIB hamda Osiyo taraqqiyot banki (OTB) hamkorlikda loyihaning muvaffaqiyatli amalga oshirilishini ta’minlaydi (nazorat qilish orqali). Ushbu tashabbus nafaqat ekologik inqirozni bartaraf etishga, balki ayollar va himoyaga muhtoj guruhlarning manfaatlarini himoya qilishga xizmat qiladi.
OIIB vitse-prezidenti Konstantin Lemitovskiyning ta’kidlashicha, bu loyiha O‘zbekistonning 2030-yilgi strategiyasi va Parij kelishuvi maqsadlariga erishishda muhim qadam bo‘ladi. OTB vakili Kanokpan Lao-Araiya esa bu tashabbus O‘zbekistonda iqtisodiy o‘sishni barqaror va inklyuziv rivojlantirish uchun muhim poydevor yaratishini qayd etdi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan nashri Global yashil rivojlanish instituti O‘zbekistonga $6,5 million ajratishini yozgan edi.